Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida bitiruvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlik va innovatsion tashabbuslarni rivojlantirish maqsadida “TalabaExpo-2025” kasb ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
Ushbu tadbir “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida O‘zbekiston Milliy banki, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Tadbirda viloyatdagi barcha oliy ta’lim muassasasi talabalari va bitiruvchilari — jami 10 ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etmoqda. Ular uchun 130 dan ziyod yirik ish beruvchi tashkilotlar tomonidan 1300 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari, jumladan amaliyot va stajirovka imkoniyatlari taklif qilinmoqda.
Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi — bitiruvchilarni bandligini ta’minlash, ularning kasbiy yo‘nalishini aniqlash va biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdir.