14-yanvar — “Vatan himoyachilari kuni”
Urganch innovatsion universitetida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 34 yilligi va “14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan “Milliy armiya — Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirni Urganch innovatsion universiteti rektori, Turon fanlar akademiyasi akademigi, filologiya fanlari doktori Ishmuratov Madamin Jumaboyevich ochib berib, barchani bayram bilan samimiy muborakbod etdi. Yurtimizning farovon kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalash borasida fidokorona xizmat qilayotgan barcha soha xodimlariga chuqur minnatdorchilik bildirdi.
🇺🇿 Tadbirning badiiy qismi Ichki ishlar vazirligi qoshidagi akademik litsey kursantlarining mardonavor ruh ufurib turgan chiqishlari bilan boshlandi. Vatan madh etilgan she’rlar, mard va jasur o‘g‘lonlarimizning sharafli umr yo‘lini aks ettirgan chiqishlar, qo‘shiqlar va raqslar guldastasi, ayniqsa “Qalqon” jamoatchilik guruhi a’zolarining chiqishlari tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.