Urganch innovatsion universitetida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi faollari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Suhbat jarayonida universitet Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori, dotsent N. Matyakubov, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan viloyat Kengashi deputati X. Davletov, Urganch shahar Kengashi deputati R. Jumaniyazov, shuningdek, partiya viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari J. Abdullayev ishtirok etdi. Tadbir davomida Prezidentimizning Murojaatnomasi Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi ekani, ushbu Murojaatnoma mamlakatimiz taraqqiyotining strategik yo‘nalishlarini belgilab berishi bilan birga, yoshlar siyosatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladigan muhim dasturilamal ekani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari Murojaatnomada yoshlarni jamiyatning eng faol va ishonchli kuchi sifatida e’tirof etib, ularning sifatli ta’lim olishi, zamonaviy kasb-hunar egallashi, bandligini ta’minlash hamda ijtimoiy hayotda munosib o‘rin egallashi masalalariga alohida urg‘u berdi. Bu esa yoshlar bilan ishlash tizimi oldiga aniq natijaga yo‘naltirilgan va mas’uliyatli yondashuvni talab etadi.
Murojaatnomada belgilangan vazifalar doirasida kasb-hunar ta’limini mehnat bozori talablariga moslashtirish, dual ta’lim tizimini kengaytirish, ta’lim bitiruvchilari va ish beruvchilar o‘rtasida samarali hamkorlik mexanizmlarini joriy etish yoshlarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali yoshlar murojaatlarini tezkor, ochiq va adolatli ko‘rib chiqish imkoniyatlari kengayib bormoqda.